Saarland Universitetida „O’zbekiston kuni“

Umumiy2Shu yiling 30-yanvar kuni Germaniyaning Saarland Universitetida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston kuni” tadbiri doirasida o‘zbek madaniyati, san’ati, milliy me’rosi, dunyo ilm-fani va rivojiga katta hissa qo‘shgan allomalari haqida qiziqarli ma’lumotlar namoyish etildi. Universitetda tahsil olayotgan bir nechta o‘zbekistonlik yoshlar va universitetning Xalqaro talabalar Markazi hamkorligida tashkil etilgan bu tadbir dargohning barcha talaba va o‘qituvchi-xodimlarini o‘ziga chorladi.

Tadbirda mamlakat haqida taqdim qilingan turli informatsion materiallar, o‘zbek milliy san’ati namunalari, kuy-qo‘shiqlar, o‘zbek raqs sahnalari namoyishlari va multimediali prezentatsiyalar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Tadbirning maqsadi va o‘ziga xos xususiyati haqida asosiy tashkilotchilardan biri, Saarland Universiteti Xalqaro talabalar Markazi mas’ul xodimi Yuriy Lyamin quyidagilarni bildirdi:

 

Yury„Bu turdagi tadbirlar universitetimizda 1998-yildan beri o‘tkazilib kelinadi. Ushbu tadbir odatda lektsiya vaqtlarida tashkil etiladi. Qisqacha aytadigan bo‘lsak, unda har gal biror mamlakat o‘sha davlatdan kelgan talabalar tomonidan nafaqat madaniy jihatdan namoyish qilinadi, balki milliy oshxonasi ham taqdim qilinadi. Mana shu ishlarning barchasi universitetimiz talabalarining faolligi, istak va qiziqishlari tufayli amalga oshiriladi. Hozirgi kunda o‘quv yurtimizda 110 dan ortiq millat vakillari tahsil olishmoqda. Xorijlik talabalar oldimizga kelib, “Biz mamlakatimizni universitetning nemis va boshqa millat talabalari hamda xodimlariga yaqindan tanishtirishni, an’analarimiz, madaniyatimiz va milliy oshxonamiz haqida ko‘proq ma’lumot berish va ko‘rsatishni istaymiz” deyishsa, ularning bu tashabbuslarini doim xursand kutib olamiz. Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, bugungi tadbir o‘zbekistonlik talabalarning faol harakatlari va mehnatlari evaziga mana shunday muvaffaqiyatli tashkil etildi. Bizga do‘stlarimiz, universitet talabalari va o‘qituvchilari tadbirdan ijobiy taassurot olganlarini bildirishdi”.

 

Palow2„O‘zbekiston kuni“ni shohona taom hisoblangan palowsiz tasavvur qilish qiyin. Hech zamonda o‘zbek oshpazining birato‘la 3ta qozonda osh pishirganini ko‘rganmisiz? Biz shaxsan bunga guvoh bo‘lmaganmiz. Ammo “O‘zbekiston kuni” tadbiri doirasida Universitet Mensa (bir kunda minglab mijozga xizmat ko‘rsatiladigan katta oshxona)si mohir oshpazlaridan biri – Kiefer xonim buni uddalabgina qolmay, birinchi marta bunaqa taomni pishirishiga qaramasdan, maromiga yetkaza oldi. Shuni ham aytish kerakki, Mensa oshpazlariga o‘zbekistonlik talabalar tomonidan hijjalab, „ipidan-ignasigacha“ tushuntirilgan, har bir tayyorlash bosqichi suratlar bilan namoyish etilgan palow retsepti maxsus multimediali shaklda taqdim qilingandi. „Taomni pishirish qiyin bo‘lmadimi?“ degan savolimizga Kiefer xonim „Qiyin bo‘lmadi, lekin o‘z navbatida ko‘p mehnat va e’tibor talab etdi“, – deb javob berar ekan, bizni oshxona ichkarisiga taklif etdi. Kiefer xonim yirik oshxonalargagina xos bo‘lgan katta to‘rtburchak shakldagi qozonning qopqog‘ini ochar ekan, undan bug‘ ko‘tarilib, nemis-o‘zbek palovi ishtahani ochib, tayyor turardi.

SchatzkistePalow

Bunaqa qozonda osh pishganini birinchi marta ko‘rishimiz, shu tobda bu g‘aroyib qozon xuddi Sharq ertaklarida uchraydigan xazinaga to‘la sandiqni eslatardi. „Sandiq“ ichida haqiqatdan ham tillarang guruch va no‘xatlar, yoqut rangli sabzilar va mazali hid taratayotgan ziravorlar, ya’ni shohona taom ko‘zni quvnatardi. Palovning shunchalik mohirona chiqqanidan Kiefer xonimning haqiqatdan ham juda ko‘p „ter to‘kkani“ va rosa harakat qilgani ko‘rinib turardi. Oshpaz xonim bizga palow ma’qul bo‘lganini anglab, taomni tayyorlash jarayoni haqida hayajonlanib gapira ketdi:

 

Kiefer„Bugun biz uchun noodatiy bo‘lgan, o‘ziga xos bir milliy oshxonaning taomini tayyorlashga harakat qildik. Men bizga oldindan taqdim qilingan ovqat tayyorlash usuliga qat’iy rioya qilishim lozim edi. Biz taomni resept bo‘yicha 350 marta ko‘proq miqdorda tayyorladik. 50 kg qo‘y go‘shti piyoz bilan yaxshilab qovurildi, taom uchun no‘xat oldindan alohida pishirib olindi. Sabzilar ham juda yangi, oldindan muzlatilmagan, balki ayollarimiz tomonidan qo‘lda yangiligicha to‘g‘raldi. Taom mana shunday qozonlardan jami uchtasida tayyorlandi. Mazali chiqdi, degan umiddaman. Umuman olganda bu ovqatni pishirish men uchun ham bir premyeradek bo‘ldi. O‘sha mamlakatdan kelgan talabalarga qanchalik ma’qul kelarkan, deb juda hayajondaman“.

 

Umumiy1Mensaning pastki qavatida O‘zbekistonga ba’gishlangan ko‘rgazma namoyish qilinishi bilan bir qatorda yangrayotgan milliy musiqalar va o‘zbek estradasining mashhur yulduzlari kuylayotgan qo‘shiqlar barchani o‘ziga tortardi. Ikkinchi qavatda esa hammani osh kutardi. Go‘yoki o‘zbekona to‘y bo‘layotgandek. Hamma o‘zbek palowidan tatib ko‘rishga shoshildi. Oshning ko‘rinishi chakki emas, ishtahani ochadigan. Lekin unga bahoni yaxshisi uni yeb ko‘rganlar berishsin.

 

BettinaHansteinBettina Hanstein: „Palow juda ajoyib, mazali, tansiq taom ekan, qo‘y go‘shti ham juda yumshoq pishibdi. No‘xat va ziravorlar bilan tayyorlangani menga yanada yoqdi. Palow retsepti mana bu broshyurada batafsil yozilgan ekan. Endi uyda ham shu taomni mustaqil pishirib ko‘rmoqchiman. O‘ylaymanki, bu ovqat bolalarimga ham ma’qul keladi, chunki ularga no‘xatli ovqatlar juda-juda yoqadi“.

 

 

KasachstanQozog‘istonlik talaba Jazira Daribayeva ham palovni boshqa nemis kursdoshlari bilan bajonidil, mazza qilib yegani haqida aytar ekan, ushbu tadbirdan juda xursand bo‘lganini ta’kidladi: „O‘zbekiston bizning qo‘shnimiz bo‘lgani uchun ham bugungi tadbirni ko‘rib, juda quvondim. Nima bo‘lganda ham o‘zimizniki-da! (kuladi) Men O‘zbekistonda 2011-yilda bir marotaba bo‘lganman. Qadimiy shaharlari, ayniqsa, Toshkent va Samarqand menga juda ham yoqqan. U yerda ko‘rishga arziydigan ko‘plab diqqatga sazovor joylar bor. Shuning uchun bu yerdagi barchaga O‘zbekistonga sayohat qilishni maslahat bergan bo‘lardim“.

 

Shuni alohida ta’kidlash joizki, tadbirni tashkil etishda O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasi va Frankfurtdagi bosh Konsulligi xodimlari tashkilotchilarga yaqindan ko‘mak beribgina qolmay, mamlakat haqidagi turli adabiyotlar, informatsion buklet va nashrlar, san’at namunalari kabi talaygina materiallar bilan shaxsan ishtirok etishdi. Elchixonaning madaniyat, ta’lim, ilm-fan va atrof-muhit masalalari bo‘yicha attashesi Nuriddin Mamajonov ushbu tadbirning katta ahamiyat kasb etishiga to‘xtalar ekan, jumladan quyidagilarni bildirdi:

 

Nuriddin„Bugungi tadbirning tashkilotchilariga katta rahmat aytamiz, birinchi o‘rinda Universitet rahbariyatiga, qolaversa, bizning shunday faol talabalarimizga. Ular O‘zbekistonni tanitishda o‘zlarining katta hissalarini qo‘shishayapti va biz ulardan yana ham ko‘proq faolroq harakatlar kutib qolamiz. O‘zbekistonimiz ko‘p potensialga ega va bularni dunyoga ko‘rsatishimiz kerak. Biz mintaqada nafaqat madaniy, balki iqtisodiy jihatdan ham kuchli imkoniyatlarga egamiz. Shuni hisobga olganda kelajakda yanada faolroq bo‘lishimiz, yurtimiz imkoniyatlarini xalqaro miqyosda ko‘proq targ‘ib qilishimiz, ko‘rsatishimiz va shu bilan birga mamlakatimiz iqtisodining rivojlanishi va o‘sishi yo‘lida yangi hamkorlarni jalb qilishda har birimiz tegishli hissamizni qo‘shishimiz kerak“.

 

Universitet Xalqaro talabalar Markazi xodimi Yuriy Lyamin Elchixona xodimlari tashrifidan juda mamnun bo‘lganini ta’kidlar ekan, bu kabi tadbirlar mamlakatlararo ta’lim sohasidagi hamkorlikning yanada rivojlanishida muhim o‘rin tutishini bildirdi:

 

„Bugungi tadbir boshqalaridan ko‘ra o‘ziga xos kechdi, bunaqasi har doim ham bo‘lavermaydi. O‘zbekistonning Berlindagi Elchixonasi va Frankfurtdagi Bosh Konsulligidan mehmonlar tashrif buyurishdi. Ular o‘zbek talabalari bilan ko‘rishish va Universitet bilan yaqindan tanishish maqsadida aynan shu tadbir uchun uzoq yo‘ldan Saarbryukenga kelishdi. Balki bu kelajakdagi hamkorlikka turtki bo‘lar. Chunki Saarland Universiteti va O‘zbekistondagi biror oliy o‘quv yurti o‘rtasida bevosita hamkorlik hozircha mavjud emas. Kelajakda universitetimiz va O‘zbekistondagi Oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilsa, juda mamnun bo‘lardik”.

Umumiy4

Saarland Universiteti Germaniyaning Saarland federal yerining poytaxti – Saarbryukenda joylashgan. 1948-yilda asos solingan ushbu oliy o‘quv yurtida hozirgi kunda 18,5 mingdan ortiq talabalar tahsil olishmoqda. Shulardan 3 mingdan ko‘prog‘ini xorijlik talabalar tashkil etadi. Shu jumladan, universitetda jami 8 nafar hamyurtimiz turli sohalarda o‘qishmoqda. Saarland Universiteti asosan informatika, huquqshunoslik, iqtisod, tibbiyot, chet tillarini o‘qitish kabi ta’limiy yo‘nalishlar bo‘yicha Germaniyadagi yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan sanaladi.

 

* Ushbu maqola tadbir tashkilotchilari – Binafsha Qalandarova va Samandar Atoev tomonidan tayyorlandi.

Leave a Reply

  

  

  

You can use these HTML tags

<a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <s> <strike> <strong>