BIZ HAQIMIZDA

Nemis-o’zbek huquqshunoslari dialogi tashabbusi nemis huquq professori Dr. Maximilian Herberger1 hamda o’zbekistonlik jurist Samandar Atoev2 va jurnalist Binafsha Qalandarovalar3 o‘rtasidagi professional muloqotlar natijasida vujudga keldi. Biz – ushbu tashabbus asoschilari oldimizga Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi huquqshunoslik sohasidagi hamkorlikka o‘z hissamizni qo‘shishni maqsad qildik. Bunda ikki mamlakatning huquqshunoslari ta’lim bosqichidan boshlab to amaliy faoliyatga qadar bo’lgan quyidagi mavzularda fikr almashishlari muhim o‘rin tutadi:

– huquqshunoslikni o’rganish va o’rgatish metodikasi;
– huquqiy-ilmiy fikr yuritish va ish usullari;
– yuridik ta’lim va yuristlar malakasini oshirish;
– qonunlar yuzasidan huquqiy-ilmiy mulohazalar;
– huquq rivojlanishi va huquq islohoti jarayonlarining tahlili.

Yuqoridagi mavzular mutlaq belgilab qo’yilmagan, shu bilan birgalikda bu ularning to’liq ro’yxati ham emasdir. Muloqot uchun yangi mavzular o’zaro fikr almashishlar orqali shakllanishini istardik. Biz o’z faoliyatimizda erkin va faol muloqot tamoyiliga tayanamiz.

Ishonamizki, professional muloqotning yaratuvchanlik va ijodkorona shakllari yordamida barcha ishtirokchilar uchun qiziqarli va ijobiy bo’lgan natijalarga erishiladi. Shuning uchun ham nafaqat professional doiralardan, balki mavzuga qiziquvchi boshqa soha vakillaridan ham takliflar kutib qolamiz. Zero ushbu tashabbus keng jamoatchilik e‘tiboriga yo‘naltirilgandir va hozirda hamkorlik vositalarini rivojlantirish bosqichidadir.

 

Saarbryuken, 8 dekabr, 2012 yil

 

___________________________________

1 Prof. Dr. Maximilian Herberger, Saarland Universiteti qoshidagi Huquq Informatikasi Institutidirektori.

2 Samandar Atoev, huquq magistri, Saarland Universiteti doktoranti.

3 Binafsha Qalandarova, Berlin Ozod Universiteti doktoranti.